“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi faoliyatining 2021 yil sarhisobi va 2022 yil ish rejasi bo‘yicha yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

20 Jan, 2022 - 19:07
1268
“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi faoliyatining 2021 yil sarhisobi va 2022 yil ish rejasi bo‘yicha yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Axborot va matbuot xizmati

Unda Muassasa markaziy apparati hamda hududiy bo‘limlarining rahbarlari va xodimlari ishtirok etishdi. 

Yig‘ilishni Muassasa direktori J. Uzoqov ochib berib, o‘tgan 2021-yildagi amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalar ekan, garchi pandemiya davri bo‘lishiga qaramasdan, yurtimizda davlatimiz taraqqiyoti va insonlar farovonligini ta’minlash, ularning salomatligini asrash borasida keng ko‘lamli islohotlar, dolzarb chora-tadbirlar, ulkan rejalar amalga oshirilganini, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi faoliyatida ham bu borada bir qator tashkiliy masalalar hal etilgani va ijodiy loyihalar o‘tkazilganini ta’kidladi. 

Jumladan, ijodiy yo‘nalishda o‘zbek-hind san’at ustalari ishtirokidagi “Mahorat saboqlari haftaligi” tashkil etilgani va bu Muassasaning xalqaro aloqalarni rivojlantirish borasida o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatgani, shuningdek, ikki mamlakat san’atini targ‘ib qilish yo‘lida samarali bo‘lgani, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni kashf etish maqsadida kastinglar o‘tkazilgani, mazkur jarayon orqali tanlab olingan yoshlarning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi bayram tantanalarida ishtirok etishgani, aholiga ko‘tarinki kayfiyat ulashish hamda xalq bilan hamnafas bo‘lish uchun “Ko‘ngillarda Vatan madhi” deb nomlangan madaniy tadbirlar tashkillashtirilgani, milliy qo‘shiqchilik san’atini targ‘ib etish maqsadida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan “Estradadan maqomgacha” teleloyihasining amalga oshirilgani kabi qator loyihalar haqida fikr yuritildi. 

Shundan so‘ng, yig‘ilish kun tartibiga ko‘ra, yil davomida  o‘tkazilgan madaniy tadbirlar, konsert-tomosha faoliyatini lisenziyalashga doir masalalar, ijodkor yoshlar bilan ishlash, yosh iste’dodlarni kashf etish borasida o‘tkazilgan tanlovlar natijalari, hududiy bo‘limlar faoliyatining umumiy tahlili yuzasidan mas’ul xodimlarning batafsil hisobotlari tinglandi. 

Yig‘ilish davomida Muassasaning 2022-yil ish rejasi bo‘yicha markaziy apparat hamda hududiy bo‘limlarning takliflari tanishtirilib, undagi vazifalar bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish belgilandi.
 
Yig‘ilish yakunida o‘tgan yil davomida faollik ko‘rsatgan va sohadagi islohotlarning samarali kechishiga munosib hissa qo‘shgan, shuningdek, madaniyat va san’at rivoji uchun fidoyilik bilan mehnat qilgan Andijon, Buxoro, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari hududiy bo‘limlari tashakkurnomalar bilan taqdirlanib, bo‘lim rahbarlari moddiy jihatdan rag‘batlantirildi.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash