Madaniyat yoʻnalishida zamonaviy mediya mahsulotlar yaratish masalasi muhokama qilindi

31 Jan, 2024 - 19:12
535
Madaniyat yoʻnalishida zamonaviy mediya mahsulotlar yaratish masalasi muhokama qilindi

Matbuot xizmati

30-yanvar kuni Madaniyat vazirligida vayner, youtuber va blogerlar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari Avazxon Tadjixanov, Madaniy faoliyatni rivojlantirish boshqarmasi boshligi Jamshidbek Niyazbekov yigʻilganlarga prezident qarorlarida koʻzda tutilgan loyihalar xususida maʼlumot berishdi.

Jumladan, “Respublikada milliy askiya va qiziqchilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarorida taniqli ijodkorlar va yoshlar oʻrtasida milliy askiya va qiziqchilik sanʼatini ijtimoiy tarmoqlarda keng targʻib qilishga moʻljallangan audiovizual asarlar yaratish boʻyicha tanlov eʼlon qilinishi (batafsil) belgilangan. Eng koʻp koʻrilgan hamda ijobiy reaksiya olgan asarlarning mualliflari Madaniyat vazirligi hayʼatining qarori bilan BHMning 50 baravari miqdorida bir martali pul mukofoti bilan taqdirlanadi va “Xush kayfiyat” respublika tanlovi hamda “Tabassum” xalqaro kulgi festivalining tantanali ochilish va yopilish marosimlariga ishtirokchi sifatida taklif etiladi.

Bundan tashqari, “Aholiga madaniy xizmat koʻrsatish darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident qaroriga muvofiq 2024-yil 1-apreldan boshlab “Madaniyat toʻlqinlari” media loyihasi doirasida ijtimoiy tarmoqlarda milliy gʻurur, Vatanga sadoqat, turli sohalarda kasbiy madaniyatni rivojlantirish, oilaviy qadriyatlar, urf-odat va anʼanalar kabi umuminsoniy ezgulik gʻoyalarini targʻib qilish hamda media makonni ushbu mavzudagi materiallar bilan boyitish boʻyicha tanlov oʻtkaziladi va jamoatchilik tomonidan ijobiy qabul qilingan va gʻoyaviy yuksak eng yaxshi 50 ta media mahsulotning har biri 50 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezident rahbarligida 2023-yilning 22-dekabr kuni boʻlib oʻtgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida berilgan topshiriqlar yuzasidan Madaniyat vazirligining  "Yo'l xaritasi" qabul qilingan boʻlib, uning 9-bandida olim va ijodkorlar, ziyoli va ishbilarmonlar, maʼnaviy-maʼrifiy sohaning yetuk namoyandalari, taʼlim-tarbiya jonkuyarlarining ilgʻor qarashlarini keng targʻib qilish, ishlarini zamon talablariga mos tarzda kuchaytirish maqsadida ijtimoiy roliklar tayyorlash, ularni OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilish koʻzda tutilgan.

Shu bilan birga, yigʻilish bayonining 38-bandida har chorakda bir marta yosh teatr va kino ijodkorlari, sanʼatshunoslar, rassomlar va boshqa ijodkorlar bilan uchrashuv hamda davra suhbatlari oʻtkazish yuzasidan “Maʼnaviyat klubi” tashkil etilishi vazifa etib belgilangan.

Yigʻilishda yutuberlar bilan birga ayni yoʻnalishda loyihalarni Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, mavzu boʻyicha qiziqarli videopodkastlar yaratish istagida boʻlgan ijodkorlarga bu borada kerakli barcha yordam koʻrsatilishi taʼkidlandi.

Soʻzga chiqqanlar vazirlikning tashabbusini olqishlab, hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirishdi.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash