Vazirlik rahbariyati 86 yoshni qarshilagan Oʻzbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedovni tabrikladi

03 Jan, 2024 - 21:38
301
Vazirlik rahbariyati 86 yoshni qarshilagan Oʻzbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedovni tabrikladi

Matbuot xizmati

Otello, Yusufbek hoji, Kreonat, Shohjahon, Karenin singari rollari bilan o‘zbek teatri tarixida munosib iz qoldirgan, sahnada Abu Rayhon Beruniy, Ali Qushchi, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqat, Abay kabi tarixiy siymolarni gavdalantirib, shon-shuhrat qozongan Yoqub Ahmedov bugun 86 yoshga to‘ldi.

1938 yil 3 yanvarda Namanganda tug‘ilgan ustoz san’atkor 1958 yili Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan. Shundan so‘ng uzoq yillar davomida O‘zbek Milliy akademik drama teatrida faoliyat yuritgan, 20 yildan ziyodroq ushbu teatr jamoasiga rahbarlik qilgan Yoqub Ahmedovning o‘zbek kinosi va teatr san’ati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun O‘zbekiston xalq artisti faxriy unvoni hamda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.

Mahoratli aktyor, shuningdek, ma’lum muddat O‘zbekiston Teatr Arboblari uyushmasiga ham raislik qilgan, yillar davomida orttirgan tajriba va bilimlarini yosh avlodga o‘rgatish maqsadida 2015 yili Milliy akademik drama teatrida “Aktyorlik mahorati maktabi”ga asos solgandi.

Rejissyor Yo‘ldosh A’zamov tomonidan 1958 yilda suratga olingan «Furqat» badiiy filmidagi Furqat roli uni kino san’ati muxlislariga ilk bor tanitgan obraz bo‘lib qoldi. Shundan so‘ng Ahmedov kinoda ham yuzdan ziyod rollarni ijro etdi. Mahoratli aktyor “O‘zbekfilm” kinostudiyasida dublyaj qilingan to‘rt yuzdan ortiq filmlarga ovoz bergan.

Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixonov bugun, 3 yanvar kuni qutlug‘ yoshni qarshilagan ustoz san’atkorni yo‘qlab Ahmedovlar xonadoniga bordi hamda vazirlikning esdalik sovg‘alarini topshirdi.

“El suygan san’atkor Yoqub Ahmedov bugun farzandlari-yu nevaralari ardog‘ida. Ustoz rol ijro etgan spektakllar o‘zbek teatr va kino san’atining oltin fondidan joy olgan desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa, u kishining ulug‘ ajdodlarimiz siymosini gavdalantirgan rollarini alohida ta’kidlab o‘tishim kerak. Bularning barchasi o‘sib kelayotgan va kelgusi avlodlar uchun bebaho meros bo‘lib qoladi. Ana shunday san’atkor bilan zamondosh ekanimizdan faxrlanaman”, deydi vazir o‘rinbosari.

O‘z navbatida Yoqub Ahmedov ham ko‘rsatilgan e’tibor uchun minnatdorchilik bildirdi.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash