Teatr – ibratxona

30 Dec, 2022 - 18:13
1101
Teatr – ibratxona

Axborot va matbuot xizmati

Hech bir innovatsiya jonli tomoshaning maʼnaviy zavqiga yetmaydi. Teatr shunchaki aktyor, aktrisalar sahnaga chiqib tomosha qoʻyadigan, tomoshabin qarsak chalib, olqishlaydigan bir makon emas. Bu dargoh tarbiya maskani, qaysidir maʼnoda ilm, maʼrifat ulashuvchi muqaddas bir maskan hisoblanadi. Qolaversa, xalqimiz eʼtiboriga havola etiladigan har bir sahna asari oʻzida maʼlum bir gʻoyani mujassam qilgani holda, uni targʻib ham qiladi. Bir sahna asari yaratilishi uchun tarix sahifalanadi, liboslar tikiladi. Oylar davomida butun bir jamoa tinimsiz mehnat qiladiki, kelgan tomoshabin shu tomoshadan maʼnaviy ozuqa olsin.


Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari Bahodir Ahmedov vazirlik huzuridagi Teatrlar faoliyati boʻyicha Badiiy kengash aʼzolari hamda soha mutaxassislari bilan birga respublika teatrlarida 2022 yil davlat buyurtmasi hamda repertuar reja asosida sahnalashtirilgan spektakllarning qabuli va muhokamasida ishtirok etganda ham ayni ana shu jihatlarga alohida toʻxtalgan edi. 
Aytish joizki, 2022 yil davomida sahnalashtirilgan Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida U.Azimning “Adolat fasli”, Alisher Navoiy nomidagi akademik katta teatrida M.Bafoyev, A.Uzoqovlarning “Alisher Navoiy” operasi Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatrida N.Qobilning “Mashrab” musiqali dramasi, Margʻilon shahar musiqali maqom teatrida “Bobur” maqom spektakli, Andijon viloyati musiqali drama teatrida M.Shayxzodaning “Mirzo Ulugʻbek”, Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida “J.Ilyasovning “Shiroq”, Andijon viloyati yoshlar teatrida Oʻzbektoshning “Toʻmaris”, Andijon viloyati qoʻgʻirchoq teatrida Sh.Murodovning “Jaloliddinning jasorati” jahon klassik namunalaridan  Oʻzbekiston davlat akademik rus drama teatrida U.Shekspirning “Gamlet”,  Fargʻona viloyati musiqali drama teatrida Sofoklning “Shoh Edip”, Fargʻona viloyati rus drama teatrida U.Shekspirning “Gamlet”, Qoʻqon shahar musiqali drama teatrida F.Shillerning “Makr va muhabbat”, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida I.P.Chaykovskiyning “Щyelkunchik” baleti, Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida U.Shekspirning “Qirol lir”, Fargʻona viloyati qoʻgʻirchoq teatrida X.Andersenning “Irkit oʻrdakcha” va boshqa sara spektakllar sahnalashtirilib mutaxassislar va jamoatchilik koʻrigiga topshirildi.


Darvoqe, respublika teatrlarida davlat buyurtmasi  va repertuar reja asosida yuqori saviyada sahnalashtirilgan spektakllarning premyeralari boʻlib oʻtmoqda.


Yuqorida taʼkidlanganidek, shiddat bilan taraqqiy etayotgan texnika va innovatsiyalar zamonida istalgan kino, serial yoki spektaklni ijtimoiy tarmoqlar orqali topib tomosha qilish mumkindir. Ammo teatrga borib, sahna asari ruhini, unda mujassam gʻoyalar nafasini his qilib jonli tomosha qilishning zavqi ham, maʼnaviy foydasi ham oʻzgacha.

Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari Bahodir Axmedov

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash