Rasmiy munosabat

08 Nov, 2022 - 11:15
944
Rasmiy munosabat

Axborot va matbuot xizmati

Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlayotgan, Madaniyat vazirligi toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma orqali 15,5 mlrd soʻmga “Madaniyat karvoni” uchun 2 ta avtotransport vositasi sotib olgani haqidagi xabarlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 2-fevraldagi PQ–112-son qaroriga asosan 2022-yil uchun kalendar rejada belgilangan tadbirlar ijrosini samarali tashkil etish maqsadida 2022-yil 1-iyunga qadar “Madaniyat karvoni” uchun moʻljallangan, tegishli musiqa texnikasi va sahnaga ega 2 dona maxsus avtotransport vositasini xarid qilish vazifasi belgilangan.

Mazkur qarordan kelib chiqqan holda xarid qilinadigan, “Madaniyat karvoni” uchun moʻljallangan, tegishli musiqa texnikasi va sahnaga ega maxsus avtotransport (transformer) vositasining texnik parametrlari mutaxassislar tomonidan belgilangan tartibda ishlab chiqildi. Bunday zamonaviy avtotransport vositasini tayyorlash imkoniyati boʻyicha xorijiy davlatlar oʻrganildi va eng maʼquli sifatida Xitoy davlati tanlanib, vazirlik tomonidan OMDM va “Huayuan” kompaniyasi bilan muzokara olib borildi. Muzokara xulosasiga koʻra, OMDM kompaniyasi tomonidan 873 000 AQSH dollari, Olmaota shahridagi “Kazakhstan musical technologies” filiali tomonidan 900 026 AQSH dollari taklifi (bitta maxsus avtotransport vositasi xaridi uchun) bildirilgan. 

Biroq, xorijiy kompaniyalar pandemiya sababli maxsus avtotransport vositasi yil yakuniga qadar yetkazib berilishini ma’lum qilgan.  

Shundan so‘ng, Madaniyat vazirligi ishlab chiqilgan texnik parametrlar asosida maxsus avtotransport (transformer) vositasini tayyorlash imkoniyati mavjud boʻlgan (aniq muddati va boshqa maʼlumotlar) mahalliy korxonalar bilan muloqot olib borish hamda tegishli xulosa olish maqsadida “Oʻzavtosanoat” AJ, “UzAvto Trailer” MChJ va “JV MAN Auto-Uzbekistan” MChJ qoʻshma korxonasiga murojaat etdi.

“JV MAN Auto-Uzbekistan” MChJ qoʻshma korxonasi tavsiyasi asosida “STEYA” overseas projects” tomonidan 1 390 000 yevro, Turin politexnika universiteti (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-2-iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga qilgan tashrifida bergan topshirigʻiga asosan, Surxondaryo viloyati uchun tajriba sifatida kichik hajmdagi, musiqa texnikasi va sahnaga ega maxsus transport vositasini ilk marotaba ishlab chiqargan) tomonidan 9 580 050 000 soʻm hisobiga maxsus avtotransport vositasini tayyorlash, qolgan korxonalar va “Uz Truck and Bus Motors” MChJ tomonidan esa 1 394 950 000 soʻmga tarnsportning faqat tyagach qismi (bosh qismi) bilan taʼminlash imkoniyati maʼlum qilingan.

“Madaniyat karvoni” uchun moʻljallangan maxsus avtotransport vositasini mahalliy korxonalar (Turin politexnika universiteti) bilan birgalikda mukammal ishlab chiqish, tayyorlash va zarur uskunalar bilan jihozlash choralari koʻrilib, Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzilgan.

Shu o‘rinda bunday avtotransport vositasining afzalligi va muhimligi nimada degan savol tug‘ilishi tabiiy. Aytish joiz, aslida bu ko‘pchilik o‘z tasavvuriga ko‘ra taxmin qilib, turlicha talqin etayotgan yengil avtomobil emas. Nomidan ham anglash mumkinki, bu tegishli musiqa texnikasi va sahnaga ega maxsus avtotransport vositasidir. Boshqacharoq qilib uni zamonaviy, ulkan “Mobil sahna” deyish ham mumkin. Bunday transport vositalari buyurtma asosida maxsus ishlab chiqariladi.

Mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida aholining barcha qatlamini qamrab olishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu mezon madaniy tadbirlarni tashkil etishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Tasavvur qiling, shahar yoki tuman markazida uyushtiriladigan konsert dasturini kelib ko‘rishga hammaning ham imkoniyati yetmasligi mumkin. Lekin bunga chekka hududlarda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz madaniy hordiq chiqarishdan o‘zlari mosuvo bo‘lishdi, deb qarab turib bo‘lmaydi. Bu to‘g‘ri xulosa emas. Ularning ham konsert ko‘rishga, zavqlanishga haqqi bor. Shu ma’noda, yuqorida aytib o‘tilgan maxsus avtotransport vositasi juda qo‘l keladi.
Ya’ni u “Madaniyat karvoni” tadbirlarini eng chekka manzillarda ham yuqori saviyada, sifatli texnik imkoniyatlar asosida o‘tkazishga xizmat qiladi. Ulkan sahna ko‘chma shaklda olis qishloqlargacha yetib boradi. Bu bilan aholi qamrovi ortadi. 

Asosiy maqsad xalqimizga xush kayfiyat ulashish, hammaga birdek madaniy hordiq chiqarish uchun shart-sharoit yaratish.

Madaniyat vazirligi Axborot va matbuot xizmati

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash