O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati tomonidan 2023-yilda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha H I S O B O T

06 Feb, 2024 - 09:25
554
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati tomonidan 2023-yilda  amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha H I S O B O T

Korrupsiyaga qarshi kurashish

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi
Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati tomonidan 2023-yilda
amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha

H I S O B O T

 

Korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi O‘zbekistonda davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Islohotlarning yangi davrida Prezidentimiz boshchiliklarida ushbu illatga qarshi kurashish bo‘yicha huquqiy va institutsional islohotlar tizimli olib borilmoqda.

Xususan, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, bu boradagi huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bunda O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi Qonuni, keyingi yillarda qabul qilingan qator normativ-huquqiy hujjatlar muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘z navbatida, Hukumat faoliyatining ochiq va oshkoraligini ta’minlash va mas’uliyatini oshirish, byurokratiyani kamaytirish va davlat xizmatlarini soddalashtirish, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlar amaliyotga keng joriy etilmoqda. Barcha davlat idoralarida komplayens va samaradorlikni baholash reyting tizimlari yo‘lga qo‘yildi. Davlat xaridlari to‘liq raqamlashtirildi.

So‘nggi yillarda mamlakatimiz “Transparency International” indeksida
42 pog‘onaga ko‘tarilib, bu borada mintaqamizda eng yuqori o‘rinni egallayotgani bejiz emas. 2030-yilga qadar mazkur reytingdagi o‘rnimizni yana 50 pog‘onaga yaxshilash maqsad qilingan. Ochiq ma’lumotlar manbalari bo‘yicha esa O‘zbekiston dunyoda 4-o‘rindan joy olgan.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan ham korrupsiyaga qarshi kurashish borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Vazirlikning Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati o‘tgan yildagi faoliyatini madaniyat vaziri tomonidan 2023-yil 1-mayda tasdiqlangan “Madaniyat vazirligi, uning hududiy va tarkibiy bo‘linmalarida korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida 2023-yilda amalga oshiriladigan tadbirlar rejasi” asosida amalga oshirdi.

Sohada korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimallashtirish maqsadida madaniyat vazirining 2023-yil 29-sentabrdagi 131-son buyrug‘i bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Siyosati qabul qilindi.

Ushbu buyruq ijrosini ta’minlash doirasida vazirlik markaziy apparati va uning tizim tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan hamkorlikda “Korrupsiyaga qarshi kurashishning umumiy asoslari” mavzusida onlayn seminar-trening o‘tkazildi.

Shuningdek, yil davomida vazirlik tizimlarida “Madaniyat sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradarligini oshirish” mavzusida jami 13 ta seminar-trening, “Korrupsiyaga qarshi kurashishning umumiy asoslari” mavzusida 7 ta o‘quv-seminar, “Korrupsiyaga qarshi kurashishjamiyat taraqqiyotining asosi” mavzusida 6 ta ochiq dars, “Korrupsiyaillat, uning oldini olish muhim vazifamizdir” mavzusida 5 ta davra suhbati va “Korrupsiyaga qarshi kurashishning umumiy asoslari” mavzusida 1 ta onlayn o‘quv-seminari o‘tkazildi.

2023-yil davomida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi bilan hamkorlikda Madaniyat vazirligi tasarrufidagi bolalar musiqa va san’at maktablari, madaniyat markazlari rahbar xodimlari va bosh hisobchilari, Xalq jamoalari unvoniga ega jamoalarning badiiy rahbarlari uchun 52 ta guruhda 1570 nafar tinglovchiga 12 soatlik o‘quv soatlari tashkil etildi. Ularda korrupsiyaga qarshi kurashishga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, madaniyat sohasiga daxldor farmonlar va qarorlar, bu borada mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini keng tushuntirish, moliyaviy savodxonlikni oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shularga qaramay, xodimlar tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar jarayonida qonunbuzilishi holatlari, xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi ham aniqlandi.

Jumladan, Toshkent shahri, Andijon, Farg‘ona hamda Navoiy viloyatlari madaniyat tizim tashkilotlarida O‘zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonuni mezonlari talablariga rioya qilmagan holda umumiy qiymati 2 057,6 mln. so‘mlik 4 ta tender savdosi amalga oshirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tkazilgan tekshiruvlarda Madaniyat vazirligi tizimidagi
28 ta davlat buyurtmachi
si hamda ularda ishlovchi xodimlarga tegishli (o‘zi yoki yaqin qarindoshi ta’sischisi yoki rahbari bo‘lgan) korxonalar o‘rtasida
2022
2023-yillar davomida shartnomalar rasmiylashtirilishi oqibatida 169 ta holatda jami 1,277 mlrd. so‘mlik shartnomalarda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonuni bir qator moddalariga rioya etilmaganligi va natijada manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

2023-yil davomida O‘zbekiston Respublikasi yuridik va jismoniy shaxslari tomonidan vazirlikka korrupsiyaga oid jami 12 ta murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaatlar joylarga chiqib o‘rganilganda, qator xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. Xususan:

2 ta holatda 72,7 mln. so‘mlik tovar-moddiy boyliklarning kamomadlari borligi;

2 ta holatda 55,3 mln. so‘mlik mukofot mablag‘lari xodimlarga ortiqcha to‘lab berilganligi;

5 ta holatda 347,3 mln. so‘mlik ish haqlari va mukofot pullari xodimlarga asossiz to‘langanligi aniqlandi.

Ushbu holatlarga huquqiy baho berish maqsadida to‘plangan ma’lumotlar o‘rnatilgan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati va tegishli mutaxassislar ishtirokida 6 ta xizmat tekshiruvi o‘tkazildi hamda o‘rganish yakunlariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining tegishli moddalariga muvofiq 21 nafar mutasaddi xodimga “hayfsan” intizomiy chorasi qo‘llanildi.

O‘tkazilgan tekshiruvlar natijalariga ko‘ra, 7 nafar rahbar xodim egallab turgan vazifasidan ozod etildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan korrupsiya illatiga qarshi kurashish borasidagi ishlar bundan keyin ham izchil davom ettiriladi.  

 

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi

Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash