“O‘zbekkonsert” davlat muassasasining hisobot konserti bo‘lib o‘tdi.

22 Dec, 2023 - 17:34
343
“O‘zbekkonsert” davlat muassasasining hisobot konserti bo‘lib o‘tdi.

Matbuot xizmati

“Turkiston” san’at saroyida “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan tashkil etilgan “Ustoz-shogird an’anasi etadi davom”, deb nomlangan hisobot konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. 

Ma’lumki, so‘nggi yillarda barcha sohalar qatori yurtimizda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish borasida ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi hamda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan mana shu islohotlarga hamohang tarzda ustoz-shogirdchilik an’analarini davom ettirish, yosh iste’dodlarni kashf etish va ularning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, shoir, bastakor va xonanda ijodiy uchligining hamkorligini rivojlantirish, san’at olamida yangi qo‘shiqlar yaratilishini rag‘batlantirish borasida doimiy ravishda ish olib borilmoqda.  

Hisobot dasturi ana shu sa’y-harakatlar natijasi o‘laroq, ustoz-shogird an’analarini yangicha yo‘nalishda aks ettirgani bilan ahamiyatga molik bo‘ldi. Ya’ni, mazkur dasturda O‘zbekiston xalq artistlari Munojot Yo‘lchiyeva, Xayrulla Lutfullayev, Farrux Zokirov, Nasiba Abdullayeva, Abduhoshim Ismoilov, Zulayho Boyxonova kabi ustoz san’atkorlar o‘zlari e’tirof etgan yosh xonandalar va shogirdlari bilan birgalikda sahnaga chiqishdi hamda ramziy ma’noda ularning kelgusi ijodiy yo‘llariga muvaffaqiyatlar tilashdi.  

Bundan tashqari, mazkur dasturda yil davomida Muassasa tomonidan tashkil etilgan kastinglarda saralab olingan iste'dodli yoshlar ham ilk marotaba katta sahnaga chiqishdi. 

Shuningdek, konsertda Zohirshoh Jo‘rayev, Qilichbek Madaliyev, Jaloliddin Ahmadaliyev, Yorqinxo‘ja Umarov, “Benom” guruhi kabi bir qator estrada xonandalari tomonidan ustozlarga ehtirom ko‘rsatildi.

Dastur davomida yangragan qo‘shiqlar va sahnalashtirilgan chiqishlar muxlislarga bayramona kayfiyat taqdim etdi.

 

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash